“Forish” tog‘ poligonida hamkorlikdagi “Hanjar-2024” maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘z nihoyasiga yetdi
2024-11-20 16:45:00 / Yangiliklar
O‘n kunlik mashg‘ulotlar dasturi asosida turli jangovar qurollardan otish mashqlari, shartli aholi yashash hududida jang olib borish va harakatlarni tahlil qilish, ruhiy zo‘riqishlarni yengib o‘tish jarayonlari amalga oshirildi.
“Hanjar-2024” maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotining asosiy bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va muvaffaqiyatli o‘tishini taʼminlash maqsadida bosqichma-bosqich birgalikdagi harakatlar amalga oshirildi. Аsosiy maqsad – dushman joylashgan hududga qo‘qqisdan, hanjarning o‘tkir tig‘idek yashin tezligida yorib kirishdan iborat bo‘ldi.
Mudofaa vazirligining masʼul ofitserlari, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi rahbariyati kuzatuvi ostida o‘tgan yakuniy bosqich mashg‘ulot qatnashchilari oldidagi masʼuliyatni yanada oshirdi.
Dastlab shartli dushman joylashgan binolarga minomyotchilar, merganlar, pulemyotchilar guruhlari va dronlarning hujumi tashkillashtirilgan bo‘lsa, uning ortidan ishga tushgan ishg‘ol guruhi uchta binoda tozalash jarayonini shiddat bilan amalga oshirdi. Harakatlar jangovar zirhli texnikalar va xizmat itlari ko‘magida amalga oshirilib, sanoqli daqiqalar ichida ko‘zlangan maqsadga erishildi.
Hamkorlikdagi mazkur taktik o‘quv mashg‘ulotining tantanali yopilish marosimida qardosh davlatlarning do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlashi borasidagi jihatlarga alohida to‘xtalib, “Hanjar-2024” maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklarining maxsus ko‘krak nishonlari topshirildi.
Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti