Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasida qo‘sh bayram
2024-11-08 23:05:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida soha xodimlariga Mudofaa vazirining bayram tabrigini general-mayor Hamdam Qarshiyev o‘qib eshittirdi. Unda harbiy tibbiyotchilar tomonidan Vatan himoyachilari va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan malakali tibbiy xizmat e’tirof etilib, harbiy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasi, moddiy-texnik bazasi yanada rivojlanib, harbiy gospitallar, harbiy qism tibbiyot punktlari qayta ta’mirlangani, zamonaviy tibbiy jihozlar va asbob-uskunalar bilan jihozlangani qayd etildi. Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari, harbiy xizmatchilar oila a’zolarining to‘liq bandligini ta’minlash, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, sog‘lomlashtirishni tashkil qilish kabi masalalarda samarali faoliyat olib borayotgani olqishlandi.
Darhaqiqat, Mudofaa vazirligining Samarqand, Qarshi, Termiz, Farg‘ona, Nukus hamda Markaziy harbiy klinik gospitallari, harbiy qism va muassaalarning tibbiyot bo‘limlarida harbiy xizmatchilarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda Termiz harbiy gospitali infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi takomillashtirildi. Davolash-diagnostika bo‘limlari eng so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar, mobil tibbiy komplekslar bilan ta’minlandi, ish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari, yuqori texnologik davolash va tashxis qo‘yish, tibbiy reabilitatsiya usullari joriy etildi.
Tantanali tadbirda bir guruh soha xodimlariga Mudofaa vazirining “Namunali xizmatlari uchun”, “Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar, Sog‘liqni saqlash vazirining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligining tabrik va sovg‘alari yetkazildi.
Vazirlikning tibbiy ta’minot boshqarmasi, birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi rahbariyati va a’zolari, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar va boshqa mehmonlar ishtirok etgan tadbirda hindistonlik va qozog‘istonlik hamkasblar bilan harbiy tibbiyot sohasidagi hamkorliklar alohida tilga olinib, vakillar munosib taqdirlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar harbiy tibbiyotchilar va kasaba uyushmasining qo‘shinlar hayoti, faxriylar va harbiylar oilalarining ijtimoiy muhofazasi, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni va ta’sirini alohida e’tirof etib, fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning sog‘ligini muhofaza qilish, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘lidagi xizmatlarida muvaffaqiyatlar tilashdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









