“Jasorat maydoni”da yosh vatanparvarlar kuch sinashdi
2026-11-09 14:25:00 / Yangiliklar

Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida tashkil etilgan tadbir tantanali marosim bilan boshlandi. Orkestr sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Marosimda so‘zga chiqqan mas’ul shaxslar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda harbiy kasblarga qiziqishni uyg‘otish hamda bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
Tadbirning badiiy qismi ham e’tiborni tortdi. Faxriy qorovul jamoasining namunali saf chiqishlari hamda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi namoyishlari marosimga alohida ruh bag‘ishladi.
Tantanali qismdan so‘ng asosiy bellashuvlar boshlandi. Maydonda yoshlar uchun kuch, tezkorlik, aniqlik va chidamlilikni talab qiladigan bir qator sinovlar tayyorlangan edi. Har bir shart ishtirokchilarning nafaqat jismoniy imkoniyatlarini, balki vaziyatga moslashish, tezkor qaror qabul qilish va jamoa bilan hamjihat harakat qilish mahoratini ham ko‘rsatishga xizmat qildi.
Dastlabki shartda ishtirokchilar shartli jabrlangan sherigiga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini namoyon etdi. Vaziyatni to‘g‘ri baholash, tezkorlik va aniqlik asosiy mezon bo‘ldi. “Baquvvat qo‘llar” shartida esa yoshlar kuch va chidamlilikda bellashdi.
Harbiy-amaliy shartda ishtirokchilar AK-74 avtomatini to‘liqsiz qismlarga ajratib, qayta yig‘ish mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Bunda diqqat, aniqlik va ketma-ketlik muhim bo‘ldi. Kamondan o‘q otish bahslarida yoshlar nishonni aniq mo‘ljalga olish, diqqatni jamlash va sabr-toqatini ko‘rsatdi. Yakuniy shart — arqon tortish jamoalar uchun kuch va birdamlik sinoviga aylandi. Ishtirokchilar umumiy maqsad yo‘lida so‘nggi imkoniyatigacha kurashdi.
Musobaqa yakunida hakamlar hay’ati barcha shartlar bo‘yicha natijalarni sarhisob qildi. Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan jamoalar g‘olib va sovrindor deb e’lon qilindi. Ularga kubok, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, musobaqa davomida faolligi, intilishi va alohida natijalari bilan ajralib turgan yoshlar turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









