Harbiy tibbiyot xodimlari bayram tantanasida e’zozlandi
2026-11-06 18:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda Mudofaa vaziri o‘rinbosari, vazirlikning tibbiy ta’minot boshqarmasi vakillari, faxriylar, harbiy xizmatchilar hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Tantana avvalida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining samimiy bayram tabrigi Mudofaa vaziri o‘rinbosari tomonidan o‘qib eshittirildi. Tabrikda harbiy tibbiyot sohasi xodimlarining mas’uliyatli va sharafli vazifani ado etishdagi fidoyiligi, sadoqati va kasbiy mahorati yuksak qadrlandi, so‘nggi yillarda sohada erishilgan ijobiy o‘zgarishlar alohida ta’kidlandi.
Xususan, harbiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanayotgani, gospitallar hamda tibbiyot punktlari zamonaviy talablarga muvofiq qayta ta’mirlanib, ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanayotgani qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Harbiy tibbiyot akademiyasining bugungi kunda tibbiyot sohasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanayotganini alohida e’tirof etdi.
Bayramona ruhda o‘tgan marosimda bir guruh soha xodimlariga Mudofaa vazirining "Namunali xizmatlari uchun" ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Yakunda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari ijro etgan dilbar kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga unutilmas lahzalar va bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









