Mardlik maktabidan kelajak sari: yoshlar yangi marralarga otlandi
2026-11-06 08:45:00 / Yangiliklar

Tantanali yopilish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Samarqand viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi vakillari hamda hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.
Qayd etish joizki, mazkur loyiha yoshlar uchun shunchaki mashg‘ulotlar majmuasi emas, balki o‘zini kashf etish, irodani toblash va hayotdagi o‘z yo‘lini topish maktabiga aylandi. O‘quv-yig‘in davomida ishtirokchilar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida intizom va chidamlilikni o‘rgandi, sport maydonida kuch va irodasini sinadi, intellektual bellashuvlarda esa fikrlash qobiliyatini namoyon etdi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va uchrashuvlar yosh qalblarda Vatanga muhabbat, tarixga hurmat va kelajakka ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Taniqli sportchilar va san’atkorlar bilan o‘tkazilgan samimiy muloqotlar yoshlar uchun haqiqiy ilhom manbai bo‘ldi. Hayotda o‘z o‘rnini topgan insonlarning tajribasi ishtirokchilarga katta maqsad sari intilish, mashaqqatdan qo‘rqmaslik va orzuni amalga oshirish uchun qat’iyat zarurligini ko‘rsatdi.
Loyihaning eng muhim jihatlaridan biri yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘ldi. Tadbirkorlik, axborot texnologiyalari va payvandlash yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Yakuniy tadbirda voleybol, milliy kurash, shaxmat va shashka bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar g‘oliblari va sovrindorlari diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








