“Termiz” umumqo‘shin dala poligonida harbiy-sport musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda
2026-11-05 18:50:00 / Yangiliklar

Musobaqa ishtirokchilari erta tongda poligonda tantanali kutib olindi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, harbiy liboslar bilan ta’minlandi. Shundan so‘ng yoshlar saf tortib, musobaqa dasturi, bellashuv shartlari va xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirildi. Har bir bosqich oldidan tajribali yo‘riqchilar ishtirokchilarga mashqni bajarish tartibini tushuntirib, amalda ko‘rsatib bermoqda.Ishtirokchilar musobaqa bosqichlarida o‘z kuchlarini sinab ko‘rmoqda:
▪️ Alpinizm devori – yoshlar dubulg‘a va sug‘urta jihozlari bilan sun’iy qoyaga ko‘tarilib, arqon yordamida pastga tushish mashqini bajarmoqda. Bu bosqich jismoniy chidamlilik, epchillik va o‘ziga ishonchni talab etadi. Har bir ishtirokchining xavfsizligi yo‘riqchilar nazoratida.
▪️ Pnevmatik miltiqdan o‘q uzish – nishonga aniq tegish, qurolni to‘g‘ri ushlash va nafasni boshqarish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilmoqda. Hakamlar har bir ishtirokchining natijasini qayd etib bormoqda.
▪️ Kamondan otish – O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi mutaxassislari yoshlarga kamonni to‘g‘ri tortish va nishonni mo‘ljalga olish sirlarini o‘rgatmoqda. Ko‘pchilik ishtirokchilar uchun bu yo‘nalish yangilik bo‘lib, ular qadimiy sport turiga katta qiziqish bilan yondashmoqda.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar chaqqonlik, topqirlik, jismoniy tayyorgarlik va harbiy-amaliy mahorat bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini namoyon etmoqda.
Bunday tadbirlar yoshlarni jismoniy jihatdan chiniqtirish, ularda vatanparvarlik, mas’uliyat va harbiy kasbga qiziqishni oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.






