Harbiy mahoratning mezoni — amaliyot, intizom va jangovar shaylik
2026-11-05 15:05:00 / Yangiliklar

O‘quv davomida harbiy xizmatchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini amalda sinab ko‘rdi. Ular belgilangan vazifalarni bajarish jarayonida turli sharoitlarga moslashish, vaziyatni to‘g‘ri baholash, tezkor va asoslangan qaror qabul qilish hamda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikadan belgilangan talablar asosida foydalanish borasidagi malakasini mustahkamladi.
Xususan, masofadan turib dushman nishonlariga zarba berish, zirhli texnika va o‘qotar qurollardan turli vaziyatlarda samarali foydalanish hamda taktik harakatlar orqali manevrlarni tashkil etish mashq qilindi. Reallikka yaqinlashtirilgan nishonlarni yo‘q qilish orqali harbiylarning taktik bilim va ko‘nikmalari yanada oshirildi.
Shuningdek, taktik tayyorgarlik, o‘zaro hamjihatlik, jamoaviy mas’uliyat va murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila olish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Og‘ir ob-havo sharoitlari, murakkab relyef va kutilmagan vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilardan yuqori jismoniy chidamlilik, ruhiy barqarorlik, hushyorlik va kasbiy mahoratni talab etdi.
Mazkur batalyon taktik o‘quvi harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘zaro ishonch, birdamlik va intizomni mustahkamlashga xizmat qildi. Mashg‘ulot yakunida shaxsiy tarkibning har qanday sharoitda Vatan himoyasi yo‘lida o‘z burchini sharaf bilan ado etishga tayyorligi namoyon bo‘ldi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







