Sharqiy harbiy okrugda ommaviy sport ishlari ko‘rigi boshlandi
2026-11-02 14:40:00 / Yangiliklar

Ko‘rik davomida harbiy xizmatchilar belgilangan me’yorlar asosida turli jismoniy mashqlarni bajarib, kuch, tezkorlik va chidamlilik borasidagi imkoniyatlarini amalda sinovdan o‘tkazmoqda. Mas’ul ofitserlar ishtirokchilarning natijalari, mashqlarni bajarish sifati va faolligini xolisona baholab bormoqda.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarni jismonan chiniqtirish, jangovar vazifalarni bajarishdagi imkoniyatlarini oshirish hamda shaxsiy tarkib o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni kengaytirishdan iborat. Shuningdek, ko‘rik harbiy jamoalarda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, sport madaniyatini yuksaltirish va jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qayd etish joizki, bunday sinovlar nafaqat jismoniy ko‘rsatkichlarni aniqlash, balki harbiy xizmatchilarning irodaviy sifatlari, ruhiy barqarorligi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda ham alohida ahamiyat kasb etadi. Ko‘rik natijalari esa har bir bo‘linmaning umumiy tayyorgarlik darajasini aniqlash, mavjud natijalarni tahlil qilish va sport mashg‘ulotlari samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Ko‘rik yakunlariga ko‘ra, yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilar va bo‘linmalar rag‘batlantirilishi, aniqlangan kamchiliklar esa keyingi mashg‘ulotlarda bartaraf etilishi rejalashtirilgan.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








