To‘marisning munosib izdoshlari bellashuvi
2026-10-30 20:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilda mazkur tadbir ilk bor an’anaviy ko‘rik-tanlov shaklida emas, balki o‘rtoqlik uchrashuvi tarzida tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda kuch tuzilmalari hamkorligida o‘tkazilgan bellashuvda ishtirokchilar o‘z bilim va mahoratlarini turli yo‘nalishlarda namoyon etishdi.
Musobaqaning dastlabki kungi bahslari O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Bojxona qo‘mitasi vakillari va Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlaridan iborat sakkizta jamoa ishtirok etdi.
Birinchi kun doirasida ishtirokchilar PM to‘pponchasidan o‘q otish, 6x100 metrga estafeta yugurish, tez tibbiy yordam ko‘rsatish hamda o‘zbekona to‘y oshi tayyorlash shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Bugun esa Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida musobaqaning navbatdagi shartlari bo‘yicha bahslar davom ettirildi. Jumladan, jamoalar “Zakovat” intellektual bellashuvi, milliy raqs va aktyorlik mahoratini namoyish etish, shuningdek, sahnada To‘maris siymosini o‘ziga xos tarzda gavdalantirish orqali hakamlar hay’ati va tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, “Cheksiz g‘ayrat” nominatsiyasidagi sovrin Mudofaa vazirligi sharafini himoya qilgan jamoaga nasib etdi.
Shu kuni Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida bellashuvning tantanali taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda turli yo‘nalishlar bo‘yicha nominatsiyalar g‘oliblari, jumladan, Qurolli Kuchlarimiz safida sharaf bilan xizmat qilib kelayotgan harbiy xotin-qizlar diplomlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, barcha jamoa a’zolariga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Mazkur o‘rtoqlik uchrashuvi harbiy xotin-qizlarning kasbiy mahorati, jismoniy tayyorgarligi, bilim va ijodiy salohiyatini namoyon etish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









