“Harbiy qism yettiligi” faoliyati tahlil qilindi
2026-10-28 09:30:00 / Yangiliklar

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan yig‘ilishda okrug boshqaruv apparati ofitser va serjantlari hamda Nukus harbiy prokuraturasi vakillari ishtirok etdi.
Unda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni hal etish hamda harbiy jamoalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Hisobot davrida harbiy xizmatchilar oilalarining ijtimoiy ahvolini o‘rganish, ularga zarur yordam ko‘rsatish va muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, faoliyatda uchrayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari ham tanqidiy tahlil qilindi. Murojaatlarni yuzaki o‘rganmaslik, har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish hamda vazifalar ijrosini tizimli nazorat qilish zarurligi ta’kidlandi.
Yakunda “Harbiy qism yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, harbiy intizom va qonuniylikni mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar belgilandi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








