Moddiy-texnik va uy-joy ta’minoti mutaxassislari uslubiy yig‘inda to‘planishdi
2026-10-27 10:05:00 / Yangiliklar

Yig‘in davomidada 2025–2026-o‘quv yili rejasida belgilangan vazifalarning ijrosi, erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar atroflicha ko‘rib chiqildi. Faoliyat samaradorligini oshirish, moddiy boyliklardan oqilona foydalanish, harbiy qismlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Uslubiy yig‘in doirasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratildi. Xususan, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, ehtimoliy favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda uni bartaraf etish bo‘yicha amaliy hamda ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, to‘qqiz oylik faoliyat natijalari tanqidiy-tahliliy yondashuv asosida ko‘rib chiqildi. Har bir mutaxassisning xizmat faoliyati, vazifalarni bajarishdagi mas’uliyati va erishgan natijalari baholanib, kelgusida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbir davomida Mudofaa vaziri tomonidan ta’sis etilgan “Eng yaxshi moddiy-texnik ta’minot mutaxassisi” kubogining topshirilish marosimi o‘tkazildi.
Yig‘in yakunida belgilangan vazifalar moddiy-texnik hamda uy-joy ta’minoti tizimida ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratishga yo‘naltirildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






