Harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari e’tirof etildi
2026-10-23 17:35:00 / Yangiliklar
Kakaydi garnizonidagi harbiy qismlardan birida Kattaqo‘rg‘on o‘quv dala maydonida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or artilleriya guruhi” ko‘rik-tanlovida faxrli o‘rinlarni egallagan harbiy xizmatchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosim davomida ko‘rik-tanlovda munosib natijalarni qayd etib, o‘z kasbiy mahorati va jangovar tayyorgarligini namoyon etgan harbiy xizmatchilarga erishgan yutuqlari, xizmat burchiga bo‘lgan mas’uliyatli munosabati hamda fidoyiligi uchun ehtirom bildirildi.
Shuningdek, Vatan himoyachilarining tarbiyasi, ta’lim olishi va kamol topishida munosib hissa qo‘shib kelayotgan ota-onalariga ham minnatdorlik izhor etildi. Ularga farzandlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, el-yurt osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlashdek sharafli vazifani bajarishga munosib hissa qo‘shayotganlari uchun tashakkurnomalar topshirildi.






