Angren tog‘ poligonida harbiy mutaxassislar bellashuvi o‘tkazildi
2026-10-23 17:30:00 / Yangiliklar

Unda Mudofaa vazirligi ofitserlari, mas’ul shaxslar, Nuroniylar kengashi a’zolari, Ohangaron tumanidagi 6-sonli “Jasorat maktabi” o‘quvchilari hamda tanlov ishtirokchilari qatnashdi.
Tantanali ochilish marosimida chiqish qilganlar topografik va muhandis-sapyorlik bo‘linmalarining qo‘shinlar faoliyatidagi muhim o‘rni, zimmasidagi mas’uliyat hamda bu yo‘nalishlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarligiga qo‘yilayotgan talablar haqida fikr yuritdi.
Shuningdek, ishtirokchilardan belgilangan vazifalarni aniq va sifatli bajarishi, vaziyatni to‘g‘ri baholashi, murakkab sharoitlarda tezkor va oqilona qarorlar qabul qilishi alohida ta’kidlandi. Mazkur bellashuvlar harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirishga, kasbiy mahoratni oshirishga hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shundan so‘ng jamoalar belgilangan o‘quv nuqtalarida tanlov shartlarini bajarishga kirishdi. Mudofaa vazirligi miqyosida “Men — g‘olib!” shiori ostida tashkil etilayotgan armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilgan bellashuvlarda ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etdi.
Murosasiz va qizg‘in kurashlarga boy bo‘lgan tanlov yakunida barcha shartlarni yuqori saviyada uddalagan Toshkent harbiy okrugi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘olib jamoaga ko‘chma kubok, medallar, diplomlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati










