Mardlar maydonida “G‘oyaviy jangchi”lar bellashdi
2026-10-23 10:35:00 / Yangiliklar

Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan mazkur tanlovda Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy okruglar, markazga bo‘ysunuvchi harbiy qismlar hamda o‘quv-jangovar brigadalarda xizmat qilayotgan kontrakt asosidagi harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Bellashuvlar “Zakovat intellektual o‘yini”, “Harbiy-kasbiy tayyorgarlik” hamda “Ijodiy mahorat” kabi uchta yo‘nalishda tashkil etildi. Har bir shart ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini har tomonlama baholash, ularning kasbiy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati hamda ma’naviy salohiyatini namoyon etishga qaratildi.
Shartlar davomida ishtirokchilar siyosiy-ijtimoiy bilimlarini, milliy g‘oya va ma’naviy qadriyatlarga oid tushunchalari, jismoniy tayyorgarligi, jangovar shayligi, badiiy-estetik tafakkuri, sahnaviy mahorati hamda ijodiy qobiliyatlarini namoyish etdi.
Tanlov davomida harbiy xizmatchilarning kommunikativ kompetensiyalari, axborotdan samarali va madaniyatli foydalanish ko‘nikmalari, mafkuraviy immuniteti hamda jamoatchilik oldida nutq so‘zlash madaniyati ham e’tibordan chetda qolmadi. Barcha shartlarda ishtirokchilar o‘z bilim va mahorati, qat’iyati, jamoaviy hamjihatligi hamda yuksak mas’uliyatini namoyon etdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, faxrli uchinchi o‘rin Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamoasiga nasib etdi. Markaziy harbiy okrug jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, barcha shartlarda yuqori natijalarni qayd etgan Sharqiy harbiy okrug jamoasi tanlov g‘olibi deb topildi.
Tadbirning yakuniy qismida g‘olib jamoalarga diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti















