Qo‘mondon yoshlar bilan uchrashdi
2026-10-22 16:55:00 / Yangiliklar

Tadbirda Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni qatnashib, “Jasorat maktabi” o‘quvchilari bilan ochiq va samimiy suhbat qurdi.
Uchrashuv chog‘ida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalar bilan murojaat qildi. Qo‘mondon ularning savollariga batafsil javob berib, yoshlarni qiynayotgan masalalar yuzasidan fikr almashdi. Erkin va samimiy ruhda o‘tgan muloqot o‘quvchilarga o‘z fikrini bemalol bildirish hamda kerakli ma’lumotlarni olish imkonini berdi.
Uchrashuvda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Qo‘mondon o‘quvchilarni muntazam kitob o‘qishga, ayniqsa ilmiy va badiiy adabiyotga qiziqishni kuchaytirishga chorladi. Qayd etilganidek, mutolaa insonning dunyoqarashini kengaytiradi, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantiradi va hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashda muhim omil bo‘ladi.
Shuningdek, yoshlar milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar, oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi imkoniyatlar va harbiy xizmatchilarning yutuqlari haqida batafsil ma’lumot oldi.
Tadbir yakunida o‘quvchi-yoshlarga kitoblar, sertifikatlar va medallar tantanali topshirildi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati





