“Jasorat maktabi” o‘quvchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-10-22 15:20:00 / Yangiliklar

Amir Temur xiyoboni hududidagi madaniyat saroyida o‘tkazilgan tadbirda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, tuman hokimligi hamda qator kuch tuzilmalari rahbarlari shahrisabzlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Uchrashuvda viloyatdagi 16 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida faoliyat yuritayotgan tayanch harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi “Jasorat maktabi”larning 400 nafarga yaqin o‘quvchisi ishtirok etdi.
Muloqot davomida yoshlarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, harbiy ta’lim olish imkoniyatlari hamda ushbu sohada belgilangan talablar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun joriy etilgan yangi imtiyozlar, yaratilayotgan sharoitlar va mavjud imkoniyatlar xususida tushuntirishlar berildi.
Tadbirning asosiy qismi yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tdi. O‘quvchilarning orzu-intilishlari, kelajakdagi maqsadlari va rejalari tinglanib, ularni amalga oshirish yo‘llari yuzasidan tavsiyalar bildirildi. Tajribali harbiy xizmatchilar o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yuksak marralarni zabt etishda puxta bilim, mustahkam iroda, qat’iyat va tinimsiz izlanish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘quvchilar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, harbiy ta’lim, kelajak kasbini tanlash va belgilangan maqsadlarga erishish borasida batafsil javoblar oldi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan maktab kutubxonalariga kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








