Komandirlar malakasi oshirildi
2026-10-20 16:20:00 / Yangiliklar

Janubiy operativ qo‘mondonligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar uchun tashkil etilgan 18 kunlik o‘quv kurslarining asosiy maqsadi komandirlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, bo‘linmalarni boshqarish hamda jangovar tayyorgarlikni samarali tashkil etish borasidagi mahoratini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar harbiy boshqaruv, shaxsiy tarkib bilan ishlash va bo‘linmalarning jangovar shayligini ta’minlashga oid nazariy bilimlarini boyitdi. Termiz umumqo‘shin dala o‘quv poligonida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar esa o‘zlashtirilgan bilimlarni amaliyotda qo‘llash, vazifalarni puxta rejalashtirish va bo‘linmalar harakatlarini muvofiqlashtirish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Kurs yakunida tinglovchilar belgilangan tartibda imtihonlar topshirib, nazariy bilimlari va amaliy tayyorgarlik darajasini namoyon etdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan harbiy xizmatchilarga kursni tamomlaganlik sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.






