Tilni asra, millatni asra, kelajakni asra!
2026-10-20 14:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda harbiy qism qo‘mondonligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi a’zolari qatnashdi. Shuningdek, Guliston davlat universiteti Filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, viloyat drama teatri san’atkorlari, Sirdaryo tumanidagi Jasorat maktabi negizida faoliyat yuritayotgan 6-maktab o‘quvchilari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Soha mutaxassislari va faxriylar ona tilimizning tarixi, shakllanish bosqichlari, boy adabiy merosi hamda milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni haqida ma’ruza qildi. So‘zga chiqqanlar o‘zbek tilini asrab-avaylash, uning sofligini saqlash, kelajak avlodga yetkazish va kundalik hayotda hurmat bilan munosabatda bo‘lish har bir fuqaroning burchi ekanini alohida ta’kidladi.
Yoshlar ona tiliga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar ijro etdi. Viloyat drama teatri ijodkorlari badiiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlarini namoyish qildi, bu tadbir dasturini yanada rang-barang qildi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbek tiliga davlat tili maqomi 1989-yil 21-oktyabrda berilgan. Shu munosabat bilan har yili 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









