Buxoroda harbiy oilalar bilan “Ochiq muloqot” o‘tkazildi
2026-10-20 11:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda okrug qo‘mondonligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari ishtirok etdi.
Unda harbiylarning oila a’zolari duch kelayotgan muammoli masalalar tinglandi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan harbiy oilalarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hamda ulardan foydalanish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Murojaatlarning ko‘pchiligi mas’ullar tomonidan joyida hal etildi. Ijrosi vaqt talab qiladigan masalalar yuzasidan tegishli rahbarlarga vazifalar belgilandi.
Shundan so‘ng mehmonlar harbiy qismda tashkil etilgan viloyatdagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga taklif etildi. Harbiy oilalar mavjud vakansiyalar bilan yaqindan tanishib, o‘zlariga munosib ish joylariga hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘ldi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








