Okrugda “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuvi
2026-10-19 11:15:00 / Yangiliklar

Harbiy hayotning jiddiy va mas’uliyatli muhitida ham hazil-mutoyiba, topqirlik va ijodiy yondashuvning o‘ziga xos o‘rni bor. Zero, sog‘lom hazil va samimiy kulgi jamoada do‘stlikni mustahkamlab, ma’naviy-ruhiy muhitni yanada yuksaltiradi.
O‘tkir hajv, kutilmagan yumor va topqirlikka boy chiqishlar bilan kechgan tanlovda jamoalar puxta tayyorlangan sahna ko‘rinishlari va betakror hazil-mutoyibalari orqali tomoshabinlar e’tiborini qozondi. Har bir chiqishda harbiy hayotga xos jihatlar, kundalik voqeliklar va insoniy munosabatlar yumor vositasida mahorat bilan yoritildi.
Ishtirokchilar nafaqat hazil qilish, balki vaziyatni tez ilg‘ash, fikrni teran ifodalash, so‘zga chechanlik va sahna madaniyatini namoyon etish borasida ham o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Sahnada yangragan kulgi ortida jamoalarning tinimsiz izlanishi, ijodiy salohiyati, o‘zaro hamjihatligi va puxta tayyorgarligi mujassam edi.
Hakamlar hay’ati jamoalarning chiqishlarini tanlov shartlari asosida xolisona baholab, g‘olib va sovrindorlarni aniqladi. Ularga okrug qo‘shinlari qo‘mondonining esdalik hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Munosib natija qayd etgan jamoalar Mudofaa vazirligi miqyosidagi keyingi bosqichda ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








