Qashqadaryoda “Men g‘olib” shiori ostida harbiy musobaqalar o‘tkazildi
2026-10-17 17:30:00 / Yangiliklar

Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi, kasbiy mahorati, jismoniy chiniqqanligi va jamoaviy hamjihatligini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan bellashuvlarda “Eng ilg‘or tank guruhi” yo‘nalishida 7 ta, “Eng ilg‘or jangovar guruh” yo‘nalishida esa 4 ta jamoa ishtirok etdi.
Musobaqalar ishtirokchi jamoalarning saf ko‘rigidan o‘tkazilishi bilan boshlandi. Harbiy xizmatchilarning belgilangan talablarga muvofiq tayyorgarligi tekshirilgach, nazariy sinovlarga navbat berildi. Unda ishtirokchilar harbiy topografiya va taktika fanlari bo‘yicha o‘z bilimlarini namoyish etdi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi 100 metr va 3 kilometr masofalarga yugurish, tosh ko‘tarish hamda turnikda tortilish mashqlari orqali baholandi.
Shundan so‘ng musobaqalarning amaliy bosqichiga start berildi. Dala o‘quv maydonidagi jangovar yo‘laklarda o‘tkazilgan sinovlarda jamoalar to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, guruh tarkibida 900 va 1 200 metr masofadagi nishonlarni amaliy o‘q otish orqali yakson qilish, qo‘l granatomyotidan nishonlarni yo‘q qilish hamda jangovar tayyorgarlik fanlari bo‘yicha amaliy me’yorlarni bajarish kabi vazifalarni ado etdilar.
Ayniqsa, tank ekipajlarining 1 500 metr masofadagi nishonlarni aniq mo‘ljalga olib, mohirlik bilan yakson qilishi harbiy xizmatchilarning yuksak kasbiy mahorati va puxta tayyorgarligini namoyon etdi.
Murosasiz va mashaqqatli bellashuvlar yakunida g‘oliblar aniqlandi.
“Eng ilg‘or tank guruhi” musobaqasida umumjamoa hisobida Toshkent harbiy okrugining Angren garnizonida joylashgan harbiy qism jamoasi faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va birinchi o‘rinlar esa Muborak tumanida joylashgan mezbon harbiy qismning ikki jamoasiga nasib etdi.
“Eng ilg‘or jangovar guruh” musobaqasida uchinchi o‘rin Muborak tumanidagi harbiy qism jamoasiga, ikkinchi o‘rin Nishon tumanida joylashgan harbiy qism jamoasiga berildi. Faxrli birinchi o‘rinni esa Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining mezbon harbiy qism jamoasi qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindor jamoalarni taqdirlash marosimida ularning musobaqa davomida ko‘rsatgan natijalari, jangovar shayligi va kasbiy mahorati e’tirof etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









