Termiz garnizonida “Qo‘mondon kubogi” musobaqasi o‘tkazildi
2026-10-17 17:25:00 / Yangiliklar

Musobaqadan ko‘zlangan maqsad harbiy xizmatchilarning raqamli savodxonligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarga qiziqishini kuchaytirish, intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda iqtidorli ishtirokchilarni aniqlashdan iborat.
Bellashuvlarda Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan harbiy qism va muassasalardan tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar kibersport va robototexnika yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilar tezkor fikrlash, strategik yondashuv, jamoaviy hamjihatlik va texnik mahorat borasidagi qobiliyatlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, kibersport yo‘nalishida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida joylashgan harbiy qismning “Temur izdoshlari” jamoasi, robototexnika yo‘nalishida esa Termiz tumanida joylashgan harbiy qismning “Yirtqich” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib jamoalar Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondoni kubogi, faxriy yorliq va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Endilikda har ikki yo‘nalish g‘oliblari Mudofaa vazirligi bosqichida ishtirok etib, okrug sharafini himoya qiladi.
Mazkur musobaqa harbiy xizmatchilarning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish hamda kibersport va robototexnikani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









