“Bitta askar — bitta kasb” bo‘yicha askarlar yakuniy imtihonlarni topshirdi
2026-10-17 14:15:00 / Yangiliklar

Olti oylik oʻquv mashgʻulotlari davomida harbiy xizmatchilar turli kasb va mutaxassisliklar boʻyicha nazariy bilimlarini mustahkamlab, amaliy koʻnikmalarini rivojlantirdilar. Yakuniy imtihonlar jarayonida esa ular oʻzlashtirgan bilimlarini amalda namoyish etib, belgilangan talablar asosida sinovlardan oʻtishdi.
Mazkur tamoyilning asosiy maqsadi — yoshlarni harbiy xizmat davomida nafaqat Vatan himoyasiga tayyorlash, balki ularning kelgusidagi hayoti uchun zarur boʻlgan kasbiy koʻnikmalarni shakllantirishdan iborat. Bu esa muddatli harbiy xizmatni oʻtagan yoshlarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi, bandligini taʻminlashi hamda kelajakdagi faoliyatini ishonch bilan boshlashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, saralash bosqichlarida yuqori natijalarni qayd etgan, bilim va amaliy tayyorgarligi bilan ajralib turgan muddatli harbiy xizmatchilar kelgusida shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirish istagini bildirib oʻtmoqda.
“Bitta askar — bitta kasb” tamoyili yoshlarni har tomonlama yetuk, malakali va raqobatbardosh mutaxassislar etib tarbiyalashga, ularda Vatanga sadoqat, intizom va masʻuliyat tuygʻularini mustahkamlayotgani bilan alohida o‘rin tutmoqda.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati







