Yoshlar Sohibqiron haykali poyida tantanali va’da berdi
2026-10-16 17:25:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyatning 16 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida faoliyat yuritayotgan tayanch harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi ta’lim maskanlari vakillari, o‘quvchilarning ota-onalari va yaqinlari hamda mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar “Jasorat maktabi” o‘quvchisi bo‘lish yuksak sharaf ekanini, shu bilan birga tengdoshlariga namuna bo‘lish mas’uliyatini ham yuklashini ta’kidladi. Berilayotgan va’da Vatan, xalq, Prezident hamda ota-onalar oldidagi muqaddas ont bo‘lishi lozimligi alohida uqtirildi.
Tashkilotchilar maktab kutubxonalarini boyitish maqsadida har bir o‘quvchiga maxsus kitoblar to‘plamini topshirdi. So‘ngra o‘quvchilar barcha ishtirokchilar guvohligida “Tantanali va’da”ni qabul qildi.
Marosimning badiiy qismi ham mazmunli bo‘ldi. Qarshi garnizoni harbiy orkestri kuy-qo‘shiqlar ijro etdi. Faxriy qorovul jamoasi qurol bilan ko‘rgazmali chiqish qildi. Qo‘l jangi elementlaridan iborat jangovar harakatlar namoyishi o‘quvchilarda harbiy kasbga qiziqishni oshirdi. Viloyat madaniyat markazi san’atkorlari Amir Temur siymosini sahnada gavdalantirdi.
Tadbir davomida Vatan himoyachilari bir necha o‘quv nuqtasini tashkil etdi va qurol-aslaha hamda harbiy anjomlar ko‘rgazmasini namoyish qildi. O‘quvchilar va ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis harbiylardan batafsil javob oldi.








