“Sodiq do‘st” kinologiya ko‘rik-tanlovi g‘oliblari aniqlandi
2026-10-16 16:20:00 / Yangiliklar

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilar xizmat itlari bilan birgalikda turli shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashib, kasbiy mahorati, tezkorligi, jismoniy tayyorgarligi hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini namoyish etdi.
Ko‘rik-tanlov doirasida “Bo‘ysunish”, “Innovatsiya”, xizmat iti bilan 300 metr masofaga to‘siqlardan o‘tib yugurish, “Dog biatlon — yakka tartibda yugurish” hamda “Maxsus yo‘nalishlar” shartlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi.
“Bo‘ysunish” shartida xizmat itlarining kinolog buyruqlarini tezkor, aniq va ishonchli bajarishi baholandi. Mazkur yo‘nalishda erkaklar jamoalari o‘rtasida Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlik jamoasi 86 ball, ayollar jamoalari o‘rtasida esa Toshkent harbiy okrugi jamoasi 147 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.
“Innovatsiya” shartida harbiy xizmatchilar xizmat faoliyatida foydalanishga mo‘ljallangan zamonaviy texnik vositalarni taqdim etdi. Jumladan, Doniyor Sirojiddinov K9-300 rusumli xizmat itlarini masofadan rag‘batlantirish qurilmasini, kichik serjant Hakimboy O‘ktamov antidron qurilmasini, III darajali serjant Elshod Abdullayev esa xizmat itini masofadan boshqarish va uning harakatlarini kuzatishga mo‘ljallangan qurilmalarni namoyish qildi.
Xizmat iti bilan 300 metr masofaga to‘siqlardan o‘tib yugurish shartida Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlikning erkaklar jamoasi 94 ball bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ayollar jamoalari o‘rtasida esa Toshkent harbiy okrugi jamoasi 233 ball bilan g‘olib bo‘ldi.
“Dog biatlon — yakka tartibda yugurish” shartida ishtirokchilar xizmat itlari bilan 3 200 metr masofani bosib o‘tib, belgilangan nishonlarni yakson qilish bo‘yicha mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Ushbu yo‘nalishda erkaklar o‘rtasida Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlik jamoasi 77 ball, ayollar o‘rtasida esa Toshkent harbiy okrugi jamoasi 90 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi.
“Maxsus yo‘nalishlar” shartida Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlik hamda Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi erkaklar jamoalari 90 balldan to‘plab, umumiy hisobda 7 reyting ball bilan birinchi o‘rinni bo‘lishdi. Ayollar jamoalari o‘rtasida Toshkent harbiy okrugi jamoasi 11 ball bilan g‘olib deb topildi.
Umumjamoaviy hisob natijalari:
Ayollar jamoalari o‘rtasidagi umumjamoaviy hisobda Toshkent harbiy okrugining I jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi jamoasi ikkinchi, Toshkent harbiy okrugining II jamoasi esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar jamoalari o‘rtasidagi umumjamoaviy hisobda Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlik jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Sharqiy va Toshkent harbiy okruglari jamoalari ikkinchi, Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Yakka tartibdagi bellashuvlar g‘oliblari:
Ko‘rik-tanlovning alohida shartlarida ham yuqori natija ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar aniqlandi.
Ayollar o‘rtasida:
“Bo‘ysunish” shartida — Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchisi, kichik serjant Nursulu Palikiyeva;
300 metr masofaga to‘siqlardan xizmat iti bilan yugurish shartida — Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchisi, III darajali serjant Benazir Vakimova;
“Dog biatlon” shartida — Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchisi, III darajali serjant O‘g‘iloy Muzaffarova;
“Innovatsiya” shartida — Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchisi, kichik serjant Kamila Yakubova;
“Maxsus yo‘nalishlar” shartida — Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchisi, III darajali serjant Sevara Karimova birinchi o‘rinni egalladi.
Erkaklar o‘rtasida:
“Bo‘ysunish” shartida — Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchisi, III darajali serjant Shaxzod Maxmarajabov;
300 metr masofaga to‘siqlardan xizmat iti bilan yugurish shartida — Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchisi, kichik serjant Samariddin Daminov;
“Dog biatlon” shartida — Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi harbiy xizmatchisi, kichik serjant Asadbek G‘aniyev;
“Innovatsiya” shartida — Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi harbiy xizmatchisi, oddiy askar Doniyor Sirojiddinov;
“Maxsus yo‘nalishlar” shartida — Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlikning harbiy xizmatchisi, kichik serjant Suxrob Bog‘bekov g‘olib deb topildi.
Shuningdek, “Eng abjir xizmat iti” nominatsiyasida Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchisi, II darajali serjant G‘ayrat Arslonov o‘zining “Roys” laqabli xizmat iti bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
“G‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasi uchun” nominatsiyasi esa Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchisi Nizom Saparboyev hamda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy xizmatchisi Bekzod Abdusattorovga nasib etdi.
Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar va harbiy xizmatchilar tegishli darajadagi diplom hamda kuboklar bilan taqdirlandi.
“Sodiq do‘st” kinologiya ko‘rik-tanlovi harbiy kinologlarning kasbiy mahoratini oshirish, xizmat itlari bilan ishlash tajribasini mustahkamlash va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bellashuvlar ishtirokchilarning puxta tayyorgarligi, o‘zaro hamjihatligi hamda xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashuvini yana bir bor namoyon etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti












