Harbiy aviatsiya institutida xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha axborot-ta’lim sessiyasi o‘tkazildi
2026-10-15 18:30:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy aviatsiya institutida Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillari ishtirokida “Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi va xalqaro gumanitar huquq asoslari” mavzusida axborot-ta’lim sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda harbiy professor-o‘qituvchilar va kursantlar qatnashdi.
Sessiya davomida mehmonlar Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining asosiy vazifalari, faoliyatining huquqiy asoslari hamda xalqaro gumanitar huquqning mazmun-mohiyati haqida ma’ruza qildi. Qurolli mojarolar vaqtida insonparvarlik tamoyillariga rioya etish, harbiy harakatlarda ishtirok etmayotgan yoki ishtirokini to‘xtatgan shaxslarni himoya qilish, yaradorlar va bemorlarga yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya etishning ahamiyati, harbiy xizmatchilarning bu boradagi majburiyatlari va xalqaro huquqiy me’yorlarning amaliyotdagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi.





