“Jasorat maktabi”: Vatanga sadoqat yo‘lida muhim qadam
2026-10-15 17:05:00 / Yangiliklar

Marosimda Oliy maktab rahbariyati, Samarqand viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi mas’ullari, o‘quvchilar, ularning ota-onalari, faxriylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar yoshlarni har tomonlama yetuk, mustaqil fikrlaydigan, qat’iyatli va Vatan taqdiriga daxldor insonlar etib tarbiyalash muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, “Jasorat maktablari” o‘quvchilarning intellektual salohiyati, jismoniy imkoniyatlari, irodasi va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Marosimning eng hayajonli lahzalarida o‘quvchilar Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini qadrlash, milliy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish hamda o‘z burchini sharaf bilan ado etishga tantanali va’da berdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Jasorat maktablari”da matematika, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili va fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. Shuningdek, robototexnika, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik va milliy sport o‘yinlari bo‘yicha mashg‘ulotlar orqali o‘quvchilarning amaliy bilimlari, jismoniy tayyorgarligi va hayotiy ko‘nikmalari takomillashtiriladi.








