Yoshlar harbiy qism hayoti bilan yaqindan tanishdi
2026-10-14 17:35:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida o‘quvchilar harbiy qismning kundalik faoliyati, harbiy xizmatchilarning xizmat tartibi hamda harbiy sohada belgilangan talab va mas’uliyatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, ularga zamonaviy jangovar qurol-aslaha va harbiy texnikalarning vazifasi, imkoniyatlari hamda ulardan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Ochiq muloqotlar davomida muddatli harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning kundalik hayoti, mashg‘ulotlar jarayoni va xizmat faoliyati xususida batafsil tushunchalar taqdim etildi. Bu esa yoshlarga harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini anglash, harbiy kasbning sharafli va mas’uliyatli jihatlarini chuqurroq his etish imkonini berdi.
Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning intizomi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatligi hamda Vatan oldidagi burchiga sadoqati yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qildi.
Ta’kidlash joizki, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni milliy qadriyatlarga hurmat, yurt taqdiriga daxldorlik va Vatan himoyasiga tayyorlik ruhida voyaga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.








