Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, Mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangan general-mayor Botir Kudratxodjayevni kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi
2026-10-14 10:00:00 / Yangiliklar

Unda vazirlik rahbariyati, soha faxriylari hamda tarkibiy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Marosim davomida general-mayor Botir Kudratxodjayevning Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidagi faoliyati sarhisob qilindi.
Xususan, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va terrorizmga qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni ta’minlash, odam savdosiga qarshi kurashish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlardagi faoliyatni samarali muvofiqlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar alohida qayd etildi.
Shuningdek, uning ichki ishlar organlari tizimini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, xizmat faoliyati davomida erishgan natijalari va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishdagi mas’uliyati e’tirof etildi.
Tadbir doirasida xizmat faoliyatidagi yutuqlari hamda ichki ishlar organlari tizimi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun general-mayor Botir Kudratxodjayevga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan «Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi» ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida mudofaa vaziriga yangi mas’uliyatli lavozimda muvaffaqiyatlar tilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Oliy Bosh Qo‘mondon rahbarligida mamlakat mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, Vatan tinchligi va xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi faoliyatiga ulkan zafarlar tilaklari bildirildi.









