Chirchiq garnizonida sport ishlari ko‘rigi start oldi
2026-10-13 10:50:00 / Yangiliklar

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarni jismonan chiniqtirish, ularning chidamliligi, tezkorligi va kuchini oshirish orqali yuklatilgan jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga doimiy tayyor holatda bo‘lishini ta’minlashdan iborat. Shuningdek, ommaviy jismoniy mashg‘ulotlarga keng jalb etish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda harbiy jamoalarda ijobiy ruhiy muhitni mustahkamlash ko‘rikning muhim vazifalari sirasiga kiradi.
Ko‘rik davomida harbiy xizmatchilar belgilangan normativlar asosida turli jismoniy mashqlarni bajarib, jismoniy tayyorgarlik darajasini amalda namoyon etmoqda. Sinovlar xizmatchilarning kuch, tezkorlik va chidamlilik ko‘rsatkichlarini xolisona baholash imkonini beradi, shuningdek, har bir bo‘linmaning umumiy tayyorgarlik darajasini aniqlashga xizmat qiladi.
Qayd etish joizki, bu kabi ko‘riklar nafaqat jismoniy ko‘rsatkichlarni baholash, balki harbiy xizmatchilarning ruhiy barqarorligi, irodaviy sifatlari va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishda ham alohida ahamiyat kasb etadi. Sog‘lom raqobat muhiti har bir xizmatchida yuqori natijaga erishish, o‘z ustida muntazam ishlash va safdoshlariga o‘rnak bo‘lish istagini kuchaytiradi.
Ko‘rik yakunlariga ko‘ra, yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilar va bo‘linmalar rag‘batlantirilishi, aniqlangan kamchiliklar esa keyingi mashg‘ulotlarda bartaraf etilishi rejalashtirilgan.








