“Ma’naviyat qalqoni” tanlovining okrug bosqichi g‘oliblari aniqlandi
2026-10-10 18:10:00 / Yangiliklar

Nizomga muvofiq, okrug bosqichi ikki shart asosida tashkil etildi. Birinchi — “Tezkor savol-javob” shartida ishtirokchilar to‘rtta savolga tezkorlik bilan javob berdilar. Har bir savolga javob berish uchun to‘rt daqiqadan vaqt ajratilib, har bir to‘g‘ri javob uchun 25 ballgacha, jami 100 ball to‘plash imkoniyati berildi.
Ikkinchi — “Badiiy asarlar bilimdoni” shartida esa ishtirokchilarga badiiy asarlardan o‘qib eshittirilgan epizodlar asosida asar nomini topish, uning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlash vazifasi yuklatildi. Ushbu shartda ham ishtirokchilarning bilimlari belgilangan mezonlar asosida baholandi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarining kitob mutolaasi orqali egallagan bilimlari, tezkor fikrlash qobiliyati hamda badiiy asarlarni tahlil qilish mahoratini namoyon etdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar okrug bosqichi g‘oliblari deb topilib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Ta’kidlash joizki, “Ma’naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovi harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyosini boyitish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmatini mustahkamlash hamda kitobxonlikni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









