Jaloliddin izdoshlari bilan bir kun
2026-10-10 17:15:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida yoshlarga zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyish etildi. Harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari esa o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng yoshlar “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi harbiy-akademik litseyga tashrif buyurdi. O‘quvchilar bu yerda ta’lim-tarbiya jarayoni, o‘quv xonalari, muzey, kutubxona va yotoqxonada yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida harbiy sohada bilim va ko‘nikmalarni egallash, intizom hamda mas’uliyatning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Tadbirning navbatdagi qismi Urganch shahridagi “Yoshlar markazi”da davom etdi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida yoshlar o‘z bilimlari va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Shuningdek, “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi tashkil etilib, unda yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Muloqot davomida ularning huquq va majburiyatlari, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida viloyat hokimi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, viloyat prokurori, Urganch harbiy prokurori hamda kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida faol qatnashgan yoshlar taqdirlandi. Tantanali ruhda o‘tgan maxsus konsert dasturi esa tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Mazkur tadbir yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati











