Jizzaxda yosh merganlar bellashdi
2026-10-10 17:05:00 / Yangiliklar
Jizzax garnizonidagi harbiy qismda kichik o‘smirlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida o‘q otish sporti bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi tashkil etildi. Unda viloyatning barcha tumanlaridan 100 nafardan ortiq o‘quvchi-yosh ishtirok etib, o‘z mahorati, aniqligi va merganlik salohiyatini namoyish etdilar.

Bellashuv davomida ishtirokchilar belgilangan shartlar asosida o‘zaro kuch sinashib, yuqori natijalarga erishish uchun bor mahoratlarini ishga soldilar. Murosasiz va qizg‘in kechgan musobaqa yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishi, intilishi hamda o‘z ustida ishlashga bo‘lgan ishtiyoqini namoyon etdi.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida o‘q otish sportini ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularning sport mahoratini oshirish hamda kelgusida viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda munosib ishtirok etadigan sportchilarni saralab olishga xizmat qildi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar medal, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati




