Sohibqiron haykali poyida “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari topshirildi
2026-10-10 17:00:00 / Yangiliklar
Shahrisabz shahrida Qashqadaryo viloyat hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shuningdek, taqdirlanuvchilarning oila a’zolari ishtirokida 600 nafar o‘quvchiga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Shahardagi Amir Temur xiyobonida Kitob, Shahrisabz hamda Yakkabog‘ tumanlaridagi 20 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari saf tortdi. So‘zga chiqqanlar taqdirlanayotgan yoshlarni samimiy tabriklab, tadbirning Sohibqiron haykali poyida o‘tkazilishi zamiridagi chuqur ma’noga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Qarshi garnizoni harbiy orkestri sadolari ostida o‘quvchilarga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari va a’zolik guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi. Yigit-qizlar Vatani va xalqi uchun yetuk kadr bo‘lishga, a’lo o‘qishga va ajdodlarga munosib voris bo‘lishga va’da berdi.








