Keksalar haftaligi doirasida harbiy faxriylar va nuroniylar e’zozlandi
2026-10-10 10:40:00 / Yangiliklar

Ana shunday tadbirlardan biri Termiz shahrida o‘tkazildi. Unda yillar davomida Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilgan harbiy nafaqaxo‘rlar, faxriylar va nuroniylar ishtirok etdi.
Tadbir dasturiga muvofiq, mehmonlar Arxeologiya, San’at hamda Madaniyat muzeylariga tashrif buyurib, yurtimizning boy tarixi, milliy san’ati va qadimiy qadriyatlari bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar buyuk muhaddis va alloma Hakim at-Termiziy ziyoratgohida bo‘ldi. Ziyorat davomida allomaning ilmiy-ma’naviy merosi, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritildi.
Tadbirning keyingi qismi shahardagi Yoshlar markazida davom etdi. Bu yerda faxriylar o‘rtasida shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Bellashuvlarda ishtirokchilar mantiqiy fikrlash va strategik mahoratini namoyon etdi. Do‘stona ruhda o‘tgan musobaqalar faxriylar o‘rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Keksalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning ko‘p yillik xizmatlarini qadrlash hamda yosh avlod qalbida kattalarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan bunday tadbirlar izchil davom ettiriladi.









