“Vatan tayanchi” harakati a’zolari tantanali va’da berish marosimida ishtirok etdi
2026-10-09 19:05:00 / Yangiliklar

Vatanparvarlik, milliy g‘urur va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini o‘zida mujassam etgan mazkur tadbir yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, yuksak ma’naviyat, qat’iyat va mas’uliyat ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir davomida “Vatan tayanchi” harakati a’zolariga harakatning emblemalari va guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi. Bu ramziy lahzalar yoshlar zimmasidagi mas’uliyatni yanada teran anglash, o‘z xatti-harakati, bilimi va intizomi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lishga intilish kabi ezgu maqsadlarni ifoda etdi.
Marosimga harbiy orkestrning jo‘shqin kuy-qo‘shiqlari, yoshlarning madaniy chiqishlari hamda “Implus” harbiy ansamblining vatanparvarlik ruhidagi musiqiy dasturi o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar tadbirning tantanavor ruhini yanada oshirib, ishtirokchilarda Vatanga muhabbat, milliy iftixor va fidoyilik tuyg‘ularini tarannum etdi.
Ta’kidlash joizki, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida munosib hissa qo‘shish, avvalo, bilimli, intizomli, tashabbuskor va o‘z burchiga sodiq avlodni tarbiyalashdan boshlanadi. “Vatan tayanchi” harakati yoshlarni aynan shu ezgu maqsadlar sari yo‘naltirib, ularda ona yurt kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘maklashadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti










