“Jasorat maktabi”: Vatanga sadoqat yo‘lida muhim qadam
2026-10-09 17:10:00 / Yangiliklar

Xayrabod garnizonida joylashgan harbiy qism qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari hamda Denov tumani hokimligi hamkorligida harbiy qismga biriktirilgan 100-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” o‘quvchilarining Vada berish marosimiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosim yoshlarning Vatanga sadoqatini namoyon etish, ularni ona yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash hamda qalblarida yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini asrashdek ezgu maqsadlarga intilish tuyg‘ularini qaror toptirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbir davomida Vatan ravnaqi, xalq farovonligi va yurt tinchligi yo‘lida munosib xizmat qilish, bilimli, intizomli, irodali va fidoyi insonlar bo‘lib voyaga yetishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, haqiqiy vatanparvarlik faqat so‘zda emas, balki kundalik hayotdagi intilish, mas’uliyat, halol mehnat va yurt manfaatlariga sadoqatda namoyon bo‘ladi.
Tantanali marosimga harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan, Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Harbiy xizmatchilarning faxriy qorovul saf chiqishlari esa tadbirning salobati va tantanavorligini yanada oshirdi. Harbiy an’analar, saf intizomi va musiqiy chiqishlar uyg‘unligida o‘tgan marosim ishtirokchilarda faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi.








