Muboraklik yoshlarga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari topshirildi
2026-10-09 17:05:00 / Yangiliklar

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda tumandagi 36 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchilariga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari va a’zolik guvohnomalari topshirildi. 350 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ishtirok etgan ushbu tadbir yoshlar hayotidagi unutilmas va quvonchli lahzalarga boy bo‘ldi.
Tantanali marosimda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi vakillari, tuman hokimligi mas’ullari, faxriy harbiylar hamda mahalla nuroniylari ishtirok etib, yoshlarga samimiy tilaklarini bildirdi.
So‘zga chiqqanlar o‘quvchilarni ushbu quvonchli voqea bilan muborakbod etib, ularga Vatan bildirgan ishonchni oqlash, puxta bilim olish, tanlagan kasbining mohir mutaxassisi bo‘lib yetishish hamda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, “Vatan tayanchi” maqomi nafaqat faxr, balki yuksak mas’uliyat va sadoqat ramzi ekani qayd etildi.
Ko‘krak nishonlari va a’zolik guvohnomalari Qarshi garnizoni harbiy orkestrining jo‘shqin sadolari ostida tantanali ravishda topshirildi. Yoshlarning yuzidagi quvonch, qalbidagi g‘urur va kelajakka bo‘lgan ishonch marosimga o‘zgacha ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Tadbir doirasida mehmonlar va o‘quvchilar uchun harbiy qismda mavjud qurol-aslaha hamda anjomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yoshlar harbiy sohada qo‘llaniladigan vositalar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









