Yoshlar harbiy-amaliy va hayotiy ko‘nikmalarini mustahkamladi
2026-10-06 18:55:00 / Yangiliklar

2026-yilning dastlabki sakkiz oyi davomida Surxondaryo viloyatida ana shunday to‘rtta o‘quv yig‘ini o‘tkazilib, ularga qariyb 400 nafar yosh qamrab olindi. Mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilarga 10 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar o‘rgatilib, ularning amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Navbatdagi “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumanidan tashrif buyurgan 32 nafar yosh ishtirokida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda tashkil etildi.
Yig‘in dasturidan o‘rin olgan harbiy-amaliy mashg‘ulotlar, sport musobaqalari hamda ekstremal sharoitlarda yashovchanlik bo‘yicha amaliy tayyorgarlik yoshlarning jismoniy chiniqishi, ruhiy barqarorligi va turli vaziyatlarda tezkor hamda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qildi. Termiz harbiy poligonida amaliy otish va chavandozlik mashg‘ulotlari o‘tkazilib, yoshlarning harbiy-amaliy ko‘nikmalari yanada boyitildi.
Yig‘inning ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Yoshlar Surxondaryoning tarixiy va madaniy maskanlariga uyushtirilgan sayohatlar davomida vohaning boy tarixi, milliy qadriyatlari va bebaho madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, Al-Hakim at-Termiziy va Sulton Saodat ziyoratgohlari, Arxeologiya, San’at hamda Madaniyat muzeylariga sayohat tashkil etildi.
Bundan tashqari, Termiz xalqaro savdo markazi, Monomarkaz va IT markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi. Bu esa yoshlarda zamonaviy kasblar, tadbirkorlik, raqamli texnologiyalar hamda mehnat bozoridagi yangi imkoniyatlar haqida kengroq tasavvur hosil qilishga xizmat qildi.
Yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etish ham o‘quv yig‘inining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Taxiatosh tumanidan kelgan yoshlar bilan uchrashib, ularning yig‘in davomida olgan taassurotlari, qiziqishlari va kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi. Muloqot davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda kelajakdagi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “Hokim va yoshlar”, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, madaniy-musiqiy dasturlar, milliy taomlar tanlovi, sport musobaqalari hamda “Men Surxondaryoga kelib nima oldim?” mavzusida insholar tanlovi tashkil etildi. Bunday tadbirlar yoshlarning ijodiy salohiyatini namoyon etishi, jamoaviylik va hamjihatlik fazilatlarini rivojlantirishi barobarida, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham xizmat qildi.
“Jasorat maktabi” o‘quv yig‘inining tantanali yopilish marosimida yoshlarning bir necha kun davomida egallagan bilim, ko‘nikma va tajribalari sarhisob qilindi. Faol qatnashgan yoshlarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
III darajali serjant Akbar AXMEDOV,
Termiz garnizoni.









