Kibersport bo‘yicha okrug bosqichi g‘oliblari aniqlandi
2026-10-06 15:20:00 / Yangiliklar

Zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini namoyon etish imkonini bergan bellashuvlarda harbiy xizmatchilardan tuzilgan jamoalar o‘zaro kuch sinashdi. Ishtirokchilar topshiriqlarni bajarish jarayonida tezkor fikrlash, vaziyatni tahlil qilish, strategik yondashuv va jamoaviy hamkorlik borasidagi mahoratlarini namoyish etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda har bir jamoa g‘alaba uchun munosib kurash olib bordi. Ayniqsa, qisqa vaqt ichida to‘g‘ri qaror qabul qilish, raqibning harakatini oldindan anglash va jamoaviy strategiyani izchil amalga oshirish ishtirokchilardan yuqori darajadagi diqqat va puxta tayyorgarlikni talab etdi.
Yakunda quyidagi jamoalar sovrindorlar qatoridan joy oldi:
1-o‘rin — “Uchuvchilar” jamoasi;
2-o‘rin — “Sahro burgutlari” jamoasi;
3-o‘rin — “Qalqon” jamoasi.
G‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantirilib, keyingi bosqichda Markaziy harbiy okrug sharafini himoya qilish imkoniyatini beruvchi yo‘llanmalarga ega bo‘ldi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati





