Toshkent harbiy okrugida kibersport musobaqalari o‘tkazilmoqda
2026-10-05 18:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni — muhtaram Prezidentimizning 2026-yil 3-martdagi 75-son qarori hamda Mudofaa vazirining 2026-yil 15-iyundagi 572-son buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Toshkent harbiy okrugining Angren, Toshkent va Chirchiq garnizonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan kibersport xonalari tashkil etildi.
Mazkur xonalarda harbiy xizmatchilarning kibersport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Joriy yilning avgust oyida okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda kibersport bo‘yicha I bosqich — harbiy qism komandiri kubogi musobaqalari o‘tkazilib, g‘olib jamoalar munosib taqdirlandi.
Ayni paytda Toshkent harbiy okrugida II bosqich — “Harbiy okrug qo‘shinlari Qo‘mondoni kubogi” kibersport musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda jamoalar tezkor fikrlash, strategik yondashuv va jamoaviy hamkorlik borasidagi mahoratini namoyish etmoqda.
Musobaqa yakunida yuqori natija qayd etgan jamoalar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanadi.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









