Jizzaxda “Eng ilg‘or bosh serjant” ko‘rik-tanlovining II bosqichi o‘tkazilmoqda
2026-10-05 14:25:00 / Yangiliklar

Unda dastlabki saralashlarda yuqori natijalarni qayd etib, o‘z mahoratini namoyon qilgan bosh serjantlar qatnashmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida serjantlar tarkibining qo‘shinlar hayotidagi o‘rni va mas’uliyati xususida fikr yuritildi. Xususan, bosh serjantdan, avvalo, shaxsiy tarkibga o‘rnak bo‘lish, jamoani bir maqsad sari safarbar eta olish, vaziyatni to‘g‘ri baholash va zarur pallada oqilona qaror qabul qilish qobiliyati talab etilishi qayd etildi.
Shundan so‘ng bellashuvning dastlabki sinovlariga navbat berildi. Jumladan, ishtirokchilarning intellektual salohiyati va tafakkur tezligini aniqlash maqsadida IQ testlari tashkil etildi. Mantiqiy savollar, tahliliy topshiriqlar va cheklangan vaqt ichida yechim topishni talab qiluvchi vazifalar bosh serjantlarning fikrlash doirasi, kuzatuvchanligi hamda vaziyatga mos xulosa chiqarish qobiliyatini sinovdan o‘tkazdi.
Ko‘rik-tanlovning keyingi yo‘nalishlarida esa bosh serjantlarning harbiy-kasbiy tayyorgarligi har tomonlama ko‘rib chiqiladi. Xususan, jismoniy tayyorgarlik darajasi, harbiy nizomlar va xizmat tartib-qoidalarini puxta bilishi, shaxsiy tarkib bilan ishlash mahorati, boshqaruvchanlik qobiliyati, tashabbuskorligi hamda murakkab vaziyatlarda o‘zini tutishi belgilangan mezonlar asosida sinovdan o‘tkaziladi.
Har bir topshiriq bosh serjantlarning kundalik xizmat faoliyatida zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalar bilan bevosita bog‘langan. Shu jihatdan mazkur bellashuv oddiy kuch sinashishdan ko‘ra, serjantlar tarkibining kasbiy tayyorgarligi va rahbarlik salohiyatini kompleks tarzda namoyon etuvchi o‘ziga xos tajriba maydonidir.
Jarayonlarda sog‘lom raqobat muhiti yaqqol sezilmoqda. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish barobarida, har bir vazifaga mas’uliyat bilan yondashib, yuqori natija qayd etish uchun bor mahoratini ishga solmoqda.
Musobaqa yakunlari belgilangan mezonlar asosida umumlashtirilib, barcha yo‘nalishlarda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan harbiy xizmatchilar saralab olinadi. Eng munosib natijalarni namoyish etgan bosh serjantlar keyingi bosqichlarda o‘z mahoratini yanada kengroq namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati








