Toshkent xalqaro harbiy tibbiyot konferensiyasi mezboni
2024-09-25 15:10:00 / Yangiliklar
Yuqori maratabali mehmonlar dastlab Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Shundan soʻng Qurolli Kuchlar akademiyasida xalqaro konferensiya qatnashchilari ishtirokida amaliy muzokaralar tizimidagi yigʻilish tashkillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi boshchiligida boʻlib oʻtgan yigʻilashda Hamdoʻstlik davlatlari mudofaa vazirliklari harbiy tibbiyot xizmati boshliqlari va yetakchi mutaxassislari kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamkorlikdagi ishlarga toʻxtalib oʻtishdi. Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i xalqaro harbiy tibbiyot konferensiyasi qatnashchilarining yurtimizga tashrifi har tomonlama samarali boʻlishiga urgʻu qaratib, bu boradagi oʻzaro tajriba almashish har bir davlat uchun samarali boʻlishini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi “Toshkent-2024” xalqaro harbiy tibbiyot konferensiyasi uch kun davom etadi va uning doirasidan qator amaliy tadbirlar ham oʻrin olgan. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining tajribali shifokorlari ishtirokidagi oʻndan ortiq master-klass jarrohlik amaliyotlari shular jumlasidandir. Shuningdek Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi Samarqandga tashrif buyurib, Ikkinchi jahon urushi davrida butunittifoq miqyosida faoliyat olib borgan tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti