HARBIY TEXNIKA VA QUROL-YAROG‘LARNI QISHKI MAVSUMGA TAYYORLASH BO‘YICHA AMALIY MASHG‘ULOT O‘TKAZILDI
2026-09-30 15:00:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda Oliy maktab hududida joylashgan harbiy qismlar va muassasalarning texnik ta’minot yo‘nalishidagi mutaxassislari, shuningdek, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy texnika va qurol-yarog‘lardan yilning sovuq davrida samarali foydalanish, ularning ekspluatatsion ishonchliligini oshirish, texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini belgilangan me’yorlar asosida tashkil etish hamda shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirning nazariy qismida past harorat sharoitida harbiy texnikalarning ishlash xususiyatlari, ularning asosiy agregat va tizimlarini mavsumiy ekspluatatsiyaga tayyorlash, texnik suyuqliklarni almashtirish, akkumulyator batareyalarining ish qobiliyatini saqlash hamda dvigatellarni sovuq sharoitda ishga tushirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida o‘quv nuqtalarida jangovar va zirhli mashinalar, maxsus texnikalar hamda boshqa harbiy vositalarni qishki mavsumga tayyorlashning belgilangan tartiblari bevosita namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan texnikalarning muhim uzel va agregatlarini ko‘zdan kechirish, mavsumiy texnik xizmat ko‘rsatish, zarur sozlash va profilaktik ishlarni amalga oshirish usullari ko‘rsatib berildi.









