Janubda harbiy texnikalar qishki mavsumga tayyorlanmoqda
2026-09-28 15:05:00 / Yangiliklar

Termiz garnizonidagi harbiy qismlardan birida tashkil etilgan tadbirda okrug qo‘mondonligining mas’ul ofitserlari, shuningdek, Termiz, Kakaydi va Xayrabod garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalarning texnik ta’minot bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotning nazariy qismida harbiy texnikalarning sozligi va jangovar shayligini ta’minlash, ularni qishki mavsum sharoitlariga moslashtirish hamda texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini sifatli tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Amaliy qismda esa 30 dan ziyod o‘quv nuqtasida jangovar mashinalar, tanklar, zirhli transportyorlar, maxsus texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari va boshqa texnik vositalarni qishki ekspluatatsiyaga tayyorlash tartibi ko‘rsatib berildi.
Shuningdek, sovutish suyuqliklarini almashtirish, filtrlarni tozalash va yangilash, agregat hamda tugunlarni tekshirish, yoqilg‘i-moylash materiallarini mavsumiy talablarga moslashtirish, elektr va aloqa jihozlarining sozligini nazorat qilish bo‘yicha amaliy ishlar bajarildi.
Qayd etish joizki, mashg‘ulot davomida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, harbiy texnikalarga sifatli xizmat ko‘rsatish va ularni saqlash joylarida ishlarni to‘g‘ri tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
III darajali serjant Akbar Ahmedov
Termiz garnizoni








