Harbiy hayot jurnalist va blogerlar nigohida
2026-09-26 18:10:00 / Yangiliklar

Unda jurnalist va blogerlar milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar, ularning oila aʼzolari va farzandlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Dastlab Termiz shahrida joylashgan qoʻmondonlikda masʼul ofitserlar tomonidan mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyati, ular uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish, oila aʼzolari va farzandlarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar haqida maʼlumot berildi. Uchrashuv davomida OAV vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga masʼullar tomonidan javoblar qaytarildi.
Shundan soʻng press-tur ishtirokchilari Kakaydi garnizoniga tashrif buyurdilar. Bu yerda mehmonlar harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti, yashash va xizmat sharoitlari, zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarogʻ namunalari, oʻquv xonalari hamda trenajyorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, garnizondagi kutubxona faoliyati, harbiy xizmatchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.
Press-tur doirasida harbiy psixolog xonasida ishtirokchilar uchun maxsus trening ham tashkil etildi. Unda psixologik barqarorlikni taʼminlash, stress holatlarining oldini olish va jamoada sogʻlom muhitni shakllantirishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar namoyish etildi.
Tashrif davomida OAV vakillari va blogerlar “Vatan ruhi” nomli radioeshittirish faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga radioeshittirishlarni tayyorlash va efirga uzatish jarayoni, uning harbiy xizmatchilarga axborot-maʼrifiy xizmat koʻrsatishdagi oʻrni haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, mehmonlar garnizondagi Adiblar xiyobonida boʻlib, bu yerda yaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy muhit bilan tanishdilar.
Press-turdan koʻzlangan asosiy maqsad jamoatchilik vakillarini mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan bevosita tanishtirish, sohada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, shuningdek, OAV va blogerlar bilan samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratildi.









