Qarshi shahrida ommaviy yugurish marafoni bo'lib o'tdi
2026-09-25 18:00:00 / Yangiliklar

Shaharning markaziy ko'chasi bo'ylab uzoq masofada tashkil etilgan musobaqa haqiqiy sport bayramiga aylanib ketdi. Mutaxassislar nazorati ostida, ko'tarinki kayfiyatda, sog'lom turmush tarzini targ'ib etish maqsadida tashkil etilgan bellashuvlarga minglab ishtirokchilar jam bo'ldi.
Sog'lom raqobat muhitida o'tgan musobaqada barcha ishtirokchilar o'zlarining tezkorligi va matonatini yana bir bor sinovdan o'tkazish imkoniga ega bo'lishdi. Shahar ko'chalari bo'ylab yugurib borayotgan minglab sportsevarlarni kuzatib turgan insonlarda ham sog'lom turmush tarziga havas uyg'ongani shubhasiz.
Murosasiz bahslar yakuniga ko'ra harbiylar o'rtasida 1-o'rin Janubi-g'arbiy maxsus harbiy okrug harbiy xizmatchisi kichik serjant Asilbek Tog'ayevga nasib etdi. Shuningdek, talabalar o'rtasida birinchilikni Qarshi davlat universiteti talabasi Dadajon Rizayev qo'lga kiritgan bo'lsa, xotin-qizlar o'rtasidagi bahslarning mutloq g'olibi Iqtisodiyot va pedogogika universiteti talabasi Zuhra Eshonqulova deya e'tirof etildi.
Musobaqa g'oliblariga harbiy orkestr sadolari ostida diplom, medal va qimmatbaho sovg'alar topshirildi.









