Xitoy harbiy-tibbiyot mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurdi
2024-09-23 11:55:00 / Yangiliklar
Tibbiyot bir soniya boʻlsin izlanish va yangilanishdan toʻxtamaydigan soha. Shuning uchun harbiy shifokorlar soha yangiliklaridan boxabar boʻlib, tibbiyoti rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganishdan toʻxtamayapti. Rivojlangan mamlakatlar mutaxassislarining Markaziy harbiy klinik gospitalida xalqaro hamkorlik doirasida jarrohlik amaliyotlari oʻtkazib kelayotgani ham tahsinga loyiq.
O‘zaro tajriba almashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurgan xitoylik mutaxassislar ham Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida tibbiyot xodimlari bilan bemorlarga ko‘mak berishni boshlab yubordi. Dastlab, gospitalda yaratilgan sharoitlar va u yerdagi imkoniyatlarni batafsil ko‘zdan kechirib chiqqan mehmonlar o‘zbekistonlik harbiy shifokorlar bilan fikr almashdi. Shundan so‘ng, gospitalda davolanayotgan bemorlar bilan muloqot qilinib, ularni qiynab kelayotgan kasalliklar tarixi o‘rganildi va kerakli maslahatlar berildi.
Bir necha kun davom etgan bu kabi xalqaro hamkorlik har ikki mamlakat mutaxassislari uchun ham manfaatli bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommviy kommunikatsiyalar departamenti