“Rahbar va yoshlar uchrashuvi” — ochiq muloqot va yangi imkoniyatlar
2026-09-22 17:10:00 / Yangiliklar

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi, sport va turli to‘garaklarga jalb etilishi, shuningdek, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qilib, taklif va tashabbuslarini bildirdi. Kelib tushgan murojaatlar mas’ullar tomonidan o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Tadbir doirasida Alisher Navoiy nomidagi 1-sonli Madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan kuy-qo‘shiq va badiiy chiqishlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi.
Uchrashuvda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, maktab va texnikum o‘quvchilari, “Jasorat maktabi” ishtirokchilari hamda Angren shahridagi 34-sonli tayanch-harakat a’zolari shikastlangan bolalar uchun maktab-internati tarbiyalanuvchilari qatnashdi.
Ayniqsa, turli ta’lim muassasalari va ijtimoiy guruhlarga mansub yoshlarning bir davrada jam bo‘lib, o‘zaro fikr va taassurot almashgani uchrashuvning muhim jihatlaridan bo‘ldi.
Qayd etish joizki, “Jasorat maktabi” doirasidagi bunday ochiq muloqotlar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning kelajakdagi maqsadlarini belgilashiga ko‘maklashish, Vatanga muhabbat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati









