Harbiy xizmatchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan harbiy-ilmiy anjuman oʻtkazildi
2024-09-20 09:05:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda bugun, 19-sentyabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida “Qurolli Kuchlarda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirishda zamonaviy yondashuvlar” mavzusida harbiy-ilmiy konferensiya tashkil qilindi.
Unda mudofaa vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurorining o‘rinbosari, akademiya boshligʻi, shuningdek, barcha kuch tuzilmalari masʼul ofitserlari va akademiya shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.
Mazkur harbiy-ilmiy anjumanda Qurolli Kuchlar tizimida harbiy xizmatchilarning huquqiy bilimlarini oshirishdagi muammolar, ularni bartaraf etish yoʻllari, shaxsiy tarkibning huquqiy ongini rivojlantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish kabi mavzular muhokama qilindi.
Shuningdek, mavzuga doir turli tavsiyalar bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi, Milliy gvardiya qoshidagi bolalar psixologiyasi markazi, Jamoat xavfsizligi universiteti, IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligi, DXX Chegara qoʻshinlari mutaxassis-vakillari, oliy harbiy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining maʼruzalari tinglandi. Shu bilan birga, videokonferens-aloqa orqali harbiy okruglar va harbiy qismlar vakillari ishtiroki ham taʼminlandi.
Anjuman yakunida savol-javoblar oʻtkazilib, yigʻilgan xulosalarga koʻra Qurolli Kuchlar tizimida tegishliligi boʻyicha vazifalar belgilab olindi. Faol ishtirok etgan kuch tuzilmalari vakillari Mudofaa vazirligining esdalik sovgʻalari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti





